Контентга ўтиш Skip to footer

Uzum kosmetolog rolida

Uzumning chiroy baxsh etuvchi xususiyati qadimdan tan olingan. Hattoki Kleopatra davrida ham saroy go‘zallari aynan uzumli muolajalarni o‘zlarida muntazam qo‘llab kelishgan. U hozirgi kunda ham sezilarli natijaga ega bo‘lgan kosmetik vositalar tarkibida mavjud. Uzumli niqoblar va go‘zallik muolajalari terimizga qanday ta’sir etishi xususida esa quyida bilib olishingiz mumkin.

1 – niqob. Barcha turdagi teri uchun.

Bizga yangi uzum sharbati kerak bo‘ladi.
Qo‘llash: 4 qavatlangan doka bo‘lagini uzum sharbatiga namlab, yuvilgan bo‘yin va yuz terisiga 15 – 20 daqiqaga qo‘ying. So‘ngra yuz va bo‘yinni iliq suv bilan yuvib, momiq sochiq yordamida yaxshilab quritib arting va oziqlantiruvchi krem surting.
Bunday niqob terini salqishdan saqlaydi, tozalaydi, rangini yaxshilaydi, mayinligini oshiradi.

2 – niqob. Yog‘li teri uchun niqob.

Qora rangli uzum navi ushbu muolajani amalga oshirish uchun aynan mos. Buning uchun yuvilgan uzum donalarini ezg‘ilab, 15 – 20 daqiqaga tozalangan yuzga surtasiz. So‘ngra niqobni iliq suvda yuvib, nam sochiq bilan yengil artasiz.
Bu niqob teri katakchalarini toraytiradi va kam yog‘ ajrata boshlaydi.

3 – niqob. Oqartiruvchi niqob.

Dorixonalarda uzum danagining maxsus efir moyi bo‘ladi, sizga aynan shunisi kerak. Mazkur moydan olib, yuzga yupqa qilib surting va 20 daqiqa yoting. So‘ngra yog‘ qoldiqlarini salfetka yordamida tozalab olasiz hamda 1 soatdan keyin uzum barglari damlamasi bilan teringizni yuvasiz. Ushbu muolajani haftada 1 marta qo‘llasangiz, oqartiruvchi va tetiklashtiruvchi ta’sirini sezasiz.
Bu hali hammasi emas. Uzumdan nafaqat niqoblar, balki butun badan uchun ham ajoyib qo‘lbola vositalarni tayyorlash mumkin.

Masalan, Fransiyada uzumli vannalar juda urfga kirgan, hatto, bu muolajaning qimmat turishi bor gap. Lekin bizda «uzumli vannalar» yo‘q, birgina ushbu muolaja uchun Fransiyaga borib kelish ham yaramaydi. Ammo Fransiyadagi «uzumli vanna»ni uy sharoitida yaratishning imkoni bor. Buning uchun esa suv to‘ldirilgan vannaga uzum yaproqlari va uzum danagi moyidan bir necha tomchi tomizib, cho‘milishning o‘zi kifoya. Unutmang, bunday vanna terisini yoshartirish, tetiklashtirish ta’siriga ega.

Fikr bildirish

the Kick-ass Multipurpose WordPress Theme

© 2021 Kicker. All Rights Reserved.
Total
0
Share