Контентга ўтиш Skip to footer

Ibn Sino tabobati: Buyrakdagi toshlarni tushirishning xalqona usullari

Ko‘pchilik buyrakda tosh paydo bo‘lishiga faqatgina organizmda modda almashinuvining buzilishi, tuzli ovqatlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish, deb o‘ylaydi. Aslida ushbu kasallikka chalinishning boshqa bir qator omillari ham mavjud. Bu xastalikning xavfli tomoni shundaki, buyrakda hosil bo‘lgan toshlar yillar davomida hech qanday belgilarsiz kattalashishi mumkin. Cho‘kindilar sog‘lom buyrakka emas, uning shamollashdan yallig‘langan qismiga yopishadi.

Abu Ali ibn Sino dalachoy o‘simligidan siydik haydovchi, buyrak toshini maydalovchi, qon to‘xtatuvchi, og‘riq qoldiruvchi vosita o‘laroq unumli foydalangan. Dalachoydan qaynatma tayyorlash uchun og‘zi berk idishga bir stakan qaynoq suv quyib, ustiga o‘simlikning maydalangan yer ustki qismidan 15 g solinadi va 10 daqiqa qaynatiladi. Qaynatma sovugach, dokadan o‘tkaziladi va kuniga 2 – 4 mahal ovqatdan yarim soat oldin ikki osh qoshiqdan ichiladi.

Anjir suti buyraklar uchun foydali bo‘lib, undagi qumni chiqarishga yordam beradi. Buning uchun hayvon suti anjir novdasi bilan kovlab pishirilib, unga anjir suti tomiziladi va ichiladi.

Maymunjon ildizidan tayyorlangan qaynatma ham buyrakdagi toshni tushurish xususiyatiga ega. Uni tayyorlash uchun idishga bir osh qoshiq maydalangan o‘simlik ildizi solinadi va bir stakan qaynoq suv quyib, 10 daqiqa past olovda qaynatiladi. So‘ng dokadan suzib, kuniga uch mahal ovqatdan oldin 1-2 osh qoshiqdan ichiladi.

Bo‘yimodaron o‘simligidan Ibn Sino buyrak toshini maydalashda va tushirishda foydalangan. Buning uchun bo‘yimodaronni gullagan paytida guli bilan uzib olib, soyada quritiladi. Damlama tayyorlash uchun og‘zi yopiladigan idishga bir stakan qaynab turgan suv quyiladi va o‘simlikning yer ustki qismidan bir osh qoshiq solib, 1 soat damlanadi. So‘ngra dokadan suziladi. Damlamadan kuniga 3-4 mahal ovqatdan oldin bir osh qoshiqdan ichiladi. Bemor 10 kundan so‘ng 3-4 kun dam olib muolajani yana takrorlaydi.

Xalq tabobatida qirqbo‘g‘im damlamasi siydik haydovchi, buyrakdagi toshlarni eritib tushiruvchi sifatida bemorga ichiriladi. Ayni damlamani tayyorlash uchun kichikroq choynakka 4 choy qoshiq maydalangan qirqbo‘g‘im solinadi va ustiga 2 stakan qaynagan suv quyib, 5 – 10 daqiqa damlanadi. So‘ngra dokadan suzib, issiq holida kun bo‘yioz-ozdan ichib turish tavsiya etiladi.

Ro‘yan ildizidan tayyorlangan qaynatma yoki damlama buyrak va o‘t yo‘llaridagi toshlarni tushirishda qo‘l keladi. Damlama tayyorlash uchun idishga bir stakan qaynatib sovutilgan suv quyib, ustiga maydalangan o‘simlik ildizidan 1 choy qoshiq solinadi va 8 soat tindirib qo‘yiladi. So‘ng dokadan o‘tkazilib, yana bir stakan qaynab turgan suv qo‘shiladi va 10 daqiqa damlanadi. Ushbu damlamadan kuniga 4 mahal yarim stakandan ichiladi.

Fikr bildirish

the Kick-ass Multipurpose WordPress Theme

© 2021 Kicker. All Rights Reserved.
Total
0
Share